• Ishonch telefon: +99875 592 - 14 - 96
    • Manzil: Qashqadaryo viloyati, Koson tumani
    • Ish kunlari: Dushanba - Juma, soat 9:00 dan 18:00 gacha

Obron qishlog‘ining nomlanish tarixini bilasizmi?

Kun : 23-09-2023   /   Hokimlik yangiliklari   /   O'qildi: 1 419
Obron Koson tumanining Yuqori, O‘rta hamda Quyi Obron mahallalaridagi qishloq. Qishloq tarixi qishloqning nuroniylari tomonidan quyidagicha talqin qilinadi: Qadimdan aholi dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Aynan shu joyda suvlar juda tiniq va ravon oqishiga havas qilishib, Obiravon deb nom berishadi . Ob tojik tilida “suv”, ravon esa “tekis” degan ma‘noni anglatadi. Obiravon so‘zi keyinchalik qisqartirilib, Obron deb atalgan.
Tarixshunos Poyon Ravshanovning “Qarshi tarixi” kitobida Obron qishlog‘ida joylashgan Obrontepa haqida ma‘lumotlar kiritilgan.

“Obrontepa” Kosontog‘ning etagida, Obron qishlog‘i yaqinida joylashgan. Obrontepa manzili qadimda katta qishloq o‘rni bo‘lgan. Shimoli-sharqiy tarafdagi ulkan balandlikning tik devorlari obidaning me‘morchilik xarobasi ekanligini eslatib turadi. Tepalikning yassi tushgan maydoni yer satxidan 7-8 metr chamasi ko‘tarilgan, shimoli-g‘arbiy burchakda gumbazsimon minora qoldigi bo‘lib, uning balandligi 18 metrga yetadi. Tepalikning balandligi sathi yarim tanobga yaqin. Tepalik asrlar davomida cho‘kkan.

Obrontepadan V-VI-asrlarga tegishli bo‘lgan kulolchilik ashyolari topilgan. Yodgorlikning quyi madaniy qatlami o‘rganilgan emas, bu qatlam ancha qadimiy deb taxmin qilinadi. Tepalikning yuza qismidan VIII-X asrlarga mansub bo‘lgan sopol idishlar siniqlari chiqqan. Obrontepadan “Ѵ” tamg‘asi qo‘yilgan va ot tasviri bo‘lgan ikkita tanga ham topilgan. Tarixiy manbalarda yozilishicha, 7- 8-asrlarda Quyi Qashqadaryoning Obrontepa qishlog‘i ham faol hayot ustida bo‘lgan. Bugungi kunda Obron qishlog‘i negizida 3 ta mahalla faoliyat yuritmoqda.

Koson tumani hokimi maslahatchisi M.Hayitova.